U yaratgan Business Diplomat modeli bir qarashda bir-biridan uzoq ko‘ringan ikki dunyoni, biznes va diplomatiyani, yagona amaliy platformada birlashtirdi. Ammo bu hikoya faqat yangi biznes loyiha haqida emas.
Bu BMT yo‘laklaridan global biznesgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan o‘zbekistonlik tadbirkorning xalqaro tajriba, aloqalar va imkoniyatlarni O‘zbekistonning global nufuzi va iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘layotgani haqidagi hikoya hamdir.
Xo‘sh, global fuqaroga aylangan o‘zbekistonlik tadbirkor dunyo tajribasini yurtimizga qanday olib kelmoqda?
Buxorodan BMTgacha
Mirshod Shakirovning xalqaro dunyoqarashi bir kunda paydo bo‘lmagan.
Buxoroda tug‘ilgan Shakirovning professional yo‘li O‘zbekistondan Yevropaga, u yerdan esa jahon diplomatiyasining markazlaridan biri bo‘lgan Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohigacha olib bordi. Aynan BMTdagi faoliyati uning dunyoqarashida muhim burilish yasadi.
BMT Bosh Assambleyasi davrida dunyoning siyosiy xaritasi go‘yo bir binoga jamlanadi. Prezidentlar, hukumat rahbarlari, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari global masalalar yuzasidan muzokara olib boradi.
Shakirov ana shunday muhitda 100 dan ortiq prezident va davlat rahbarlari ishtirok etgan oliy darajadagi uchrashuvlar, majlislar va xalqaro tadbirlarni yaqindan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ular orasida AQSH prezidenti Barak Obama, Fransiya prezidenti Nikola Sarkozi, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev, Braziliya prezidenti Luiz Inatsiu Lula da Silva, Ekvador prezidenti Rafael Korrea, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod, Xitoy raisi Xu Szintao, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek Italiya bosh vaziri Silvio Berluskoni, Buyuk Britaniya bosh vaziri Gordon Braun, Monako shahzodasi Alber II, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kabi o‘z davrining eng taniqli siyosiy arboblari bor edi.
Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Ammo muhim jihat ismlarning sonida emas. Muhimi, yosh o‘zbekistonlik mutaxassis dunyo siyosati va diplomatiyasi qanday ishlashini kitobdan emas, uning ichida turib kuzatdi.
Protokol. Muzokara. Davlat manfaatlari. Shaxsiy munosabatlar. Ishonch. Mamlakat imiji. Keyinchalik aynan shu tajriba tadbirkorlik faoliyati bilan qo‘shilib, Shakirovning professional falsafasida yangi savolni tug‘dirdi:
Nega diplomatiyaning eng kuchli vositalaridan biznes ham foydalana olmasligi kerak?
Diplomatiya va tadbirkorlik bir nuqtada
BMT Shakirov uchun yakuniy manzil emas edi. Keyingi yillarda uning professional faoliyatida tadbirkorlik asosiy o‘rinlardan birini egalladi. U turli davrlarda AQSH, Buyuk Britaniya, Markaziy Osiyo va Osiyo bozorlarida biznes va investitsion loyihalar bilan shug‘ullandi, Xitoy, Avstraliya, Eron va boshqa davlatlardagi hamkorlar bilan ishladi.
Biznes unga natija, risk, kapital va bozorni o‘rgatdi. Diplomatik muhit esa protokol, madaniyatlararo muloqot, ishonch va uzoq muddatli manfaatlar maktabini berdi.
Shu ikki tajriba oxir-oqibat bitta modelda uchrashdi: Business + Diplomacy = Business Diplomat.
Konsepsiyaning dastlabki elementlari Shakirovning 2016-yildan boshlab Edinburg, London, Dubay, Bryussel, Shanxay va Boku kabi shaharlardagi xalqaro chiqishlarida shakllandi.
2023-yilda esa bu qarash alohida nom, metodologiya va amaliy platformaga aylandi: Business Diplomat.
Bugun O‘zbekiston biznes muhitida “business diplomacy”, “business diplomat”, diplomatik muzokara, biznes protokoli va xalqaro biznes madaniyati kabi tushunchalarga qiziqishning ortib borayotgani ham bu yo‘nalishning dolzarblashayotganini ko‘rsatadi.
Global fuqaro, lekin ildizlari bilan
Shakirovning xalqaro faoliyati, turli mamlakatlarda orttirgan tajribasi va keng geografiyadagi professional aloqalari sabab uni atrofidagilar ko‘pincha “global citizen”, ya’ni global fuqaro deb ta’riflaydi.
Ammo uning hayot yo‘liga qaraganda, bu tushuncha o‘z ildizlaridan uzoqlashishni emas, aksincha, dunyoda orttirilgan bilim, tajriba va aloqalarni Vatan bilan bog‘lashni anglatadi.
Shuning uchun uning faoliyatida bitta tamoyil yaqqol ko‘rinadi: dunyoda to‘plangan imkoniyatlarni O‘zbekiston bilan bog‘lash.
Bunda davlat topshirig‘i yo‘q. Diplomatik mandat yo‘q. Rasmiy vakolat yo‘q. Ammo Vatanni dunyoda tanitish uchun har doim rasmiy lavozim ham shart emas.
Ba’zan bir tadbirkorning xorijdagi obro‘si, bir uchrashuv, bir suhbat yoki bitta muvaffaqiyatli hamkorlik mamlakat haqida yuzlab rasmiy jumlalardan kuchliroq tasavvur shakllantirishi mumkin.
Yangi O‘zbekiston va yangi tadbirkor
Business Diplomat modelining bugungi O‘zbekiston uchun dolzarbligini mamlakatda so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlardan ajratib ko‘rish qiyin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan ochiqlik va iqtisodiy islohotlar O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan munosabatlarini sezilarli darajada faollashtirdi. Xorijiy investorlar bilan muloqot, qo‘shni davlatlar bilan yangi munosabatlar, eksport geografiyasining kengayishi va jahon iqtisodiyotiga chuqurroq integratsiya mahalliy biznes uchun ham yangi imkoniyatlar yaratdi. Lekin davlat tomonidan eshiklarning ochilishi jarayonning faqat bir qismi.
Davlat dunyoga eshiklarni ochadi. Endi tadbirkor o‘sha eshiklardan professional ravishda kirishni o‘rganishi kerak.
Shakirovning fikricha, Yangi O‘zbekiston uchun yangi avlod tadbirkori kerak: xorijiy tillarni biladigan, boshqa madaniyatlarni tushunadigan, xalqaro muzokara olib bora oladigan va o‘z biznesi bilan birga O‘zbekistonning reputatsiyasini ham ko‘tara oladigan tadbirkor. Chunki xorijga chiqqan tadbirkor faqat mahsulotini olib bormaydi. U bilan birga mamlakatining nomi ham boradi.
Mahsulotdan oldin ishonch
Xorijiy bozorga chiqayotgan kompaniya uchun yaxshi mahsulotning o‘zi har doim ham yetarli emas. Kim bilan gaplashish kerak? Mahalliy bozor qanday ishlaydi? Investor bilan qanday munosabat quriladi? Eng muhimi, nega ular sizga ishonishi kerak? Business Diplomat aynan shu savollar bilan ishlaydi.
Chunki xalqaro biznesda puldan oldin ham bir kapital mavjud: ishonch kapitali.
Shakirovning konsepsiyasida Business Diplomat shunchaki mahsulot sotadigan tadbirkor emas. U ikki bozorni tushunadigan, ikki madaniyat orasida gaplasha oladigan va ikki tomon o‘rtasida ishonch qura oladigan inson.
Boshqacha aytganda: u biznes qiladi, ammo diplomat kabi fikrlaydi. O‘zbek tadbirkorlari dunyoning narigi chekkasida Business Diplomat boshidanoq klassik biznes kursidan boshqa yo‘lni tanladi. Tadbirkorni faqat auditoriyada o‘qitish emas, uni real xalqaro muhitga olib kirish maqsad qilindi.
Shu tariqa o‘zbekistonlik tadbirkorlar xorijiy bozorlarni o‘rganish, kompaniyalar, investorlar va institutlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashish imkoniyatiga ega bo‘la boshladi.
Bu geografiya Avstraliya va Yangi Zelandiyagacha yetib bordi. Missiyaning ahamiyati faqat o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Sidney yoki Oklendga borgani bilan cheklanmaydi. Ular bilan birga O‘zbekiston haqidagi suhbat ham bordi.
Mahalliy kompaniyalar va biznes institutlari bilan muloqot orqali Markaziy Osiyo bilan ilgari faol ishlamagan auditoriyalarda O‘zbekistonga qiziqish uyg‘ondi.
Simon Bridges bilan O‘zbekiston haqida
Yangi Zelandiyadagi tashrifning ramziy voqealaridan biri Oklend Biznes palatasi raisi Simon Bridges bilan suhbat bo‘ldi.
Yangi Zelandiyaning sobiq iqtisodiy rivojlanish va transport vaziri, shuningdek sobiq muxolifat yetakchisi bo‘lgan Bridges bilan suhbatda Shakirov Markaziy Osiyo, O‘zbekiston va Yangi Zelandiya biznesi o‘rtasidagi yangi aloqalar haqida gapirdi.
U Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistonning dunyoga ochilishi va xalqaro biznes uchun shakllanayotgan yangi muhitni ham xorijiy auditoriyaga tushuntirdi.
Buning ortida oddiy tamoyil turadi: xorijda o‘z biznesing haqida gapirish imkoniyati bo‘lsa, Vataning haqida ham gapir.
Shu tariqa tadbirkor o‘zini diplomat deb e’lon qilmasdan ham mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va insoniy ko‘prikning bir qismiga aylanishi mumkin.
Rimdagi institutsional qadam
2025-yil 11-mart kuni Rimda Business Diplomat rivojlanishining yana bir bosqichi qayd etildi. Italian Society for International Organization, SIOI, Mirshod Shakirov boshchiligidagi Business Diplomat vakillarini qabul qildi va tomonlar o‘rtasida Memorandum of Understanding imzolandi.
Kelishuv ta’lim dasturlari, seminarlar va workshoplar bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.
Bu Business Diplomatning tadbirkorlar platformasidan xalqaro ta’lim va institutsional hamkorlik elementlarini ham birlashtiradigan tuzilmaga aylanganini ko‘rsatdi.
Buxorodan Forbes sahifalarigacha
2026-yil iyun oyida Forbes Kazakhstan Shakirov va Business Diplomat faoliyatiga bag‘ishlangan maqolani “The Business Diplomat: Mirshod Shakirov’s Bet on the Trillion-Dollar New Silk Road” sarlavhasi ostida e’lon qildi.
Maqolada Buxoroda tug‘ilgan tadbirkorning Zamonaviy Ipak yo‘li uchun zarur bo‘lgan “insoniy infratuzilma” haqidagi qarashlariga e’tibor qaratildi.
Shakirov o‘z falsafasini bir jumlada ifodalagan: “Ishonch har qanday chegarani valyuta kursisiz kesib o‘ta oladigan yagona valyutadir.”
Forbes uning BMT tajribasidan keyingi tadbirkorlik faoliyati va turli xalqaro iqtisodiy muhitlarda ishlaganini ham qayd etadi. Bu muhim detal.
Business Diplomat nazariyani biznesdan tashqarida turib yozgan insonning konsepsiyasi emas. Uning asoschisi diplomatik muhitni ko‘rgan, biznes qilgan, risk olgan, turli bozorlar bilan ishlagan va keyin ikki tajribani bir modelda birlashtirgan.
AZERTAC: “Temiryo‘llar muzokara olib bormaydi”
2026-yil iyul oyida Ozarbayjon davlat axborot agentligi AZERTAC Shakirov bilan O‘rta koridorning kelajagi haqida suhbat e’lon qildi.
U biznes diplomatiyasiga quyidagicha ta’rif berdi: “Men uchun biznes diplomatiyasi tanishuvlarni hamkorlikka, hamkorliklarni loyihalarga, loyihalarni esa uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishga aylantirish san’atidir.”
Yana bir fikri esa butun konsepsiyani deyarli bir jumlada tushuntiradi: “Temiryo‘llar muzokara olib bormaydi. Muzokarani insonlar olib boradi. Konteynerlar ishonch yaratmaydi. Ishonchni insonlar yaratadi.”
Shu sababli Shakirov Zamonaviy Ipak yo‘lini faqat transport koridori sifatida emas, davlatlar, tadbirkorlar va jamiyatlar o‘rtasidagi ishonch koridori sifatida ham ko‘radi.
Zamonaviy Ipak yo‘lining insoniy infratuzilmasi
Bugun Business Diplomat o‘zini “The World's First Think-Do Tank on the Modern Silk Road”, ya’ni Zamonaviy Ipak yo‘li bo‘yicha Think-Do Tank sifatida taqdim etmoqda.
Tarixiy Ipak yo‘li orqali faqat tovarlar emas, g‘oyalar, bilim, madaniyat va insonlar ham harakatlangan. Bugungi yangi Ipak yo‘lida esa temiryo‘l, avtomobil yo‘llari, portlar va logistika koridorlari qurilmoqda. Shakirovning savoli boshqacha: Yo‘llar qurilgandan keyin ular orqali kimlar bir-biriga ishonadi?
Turkmenportal bilan suhbatida u buni yana bir formula bilan ifodalagan: “Jismoniy infratuzilma tovarlarni harakatlantiradi, insoniy infratuzilma esa imkoniyatlarni yaratadi.”
Chunki biznesni odamlar qiladi. Investitsiyani odamlar qiladi. Muzokarani odamlar olib boradi. Ishonchni ham odamlar yaratadi. Yo‘l qurilishi mumkin. Ishonch esa qurilishi kerak.
O‘zbekiston haqida xorijda gapirish
Shakirovning Forbes, AZERTAC, Turkmenportal va boshqa xorijiy platformalardagi chiqishlarida bir tendensiya takrorlanadi: u o‘z loyihasi haqida gapirar ekan, suhbatni O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yangi imkoniyatlari bilan bog‘laydi.
AZERTAC bilan suhbatda u Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston xalqaro biznes va investitsiyalar uchun ancha ochilganini ta’kidlagan.
Turkmenportal bilan suhbatda esa Prezident Mirziyoyev ilgari surayotgan yaxshi qo‘shnichilik va izchil mintaqaviy muloqot siyosatini Markaziy Osiyoda savdo va investitsiyalar uchun yuqori ishonch muhitining shakllanishiga xizmat qilayotgan omillardan biri sifatida baholagan.
Buning ortida yana o‘sha tamoyil turadi: Tadbirkor xorijga faqat o‘z biznesini olib chiqmaydi. U o‘z mamlakati haqidagi tasavvurni ham olib chiqadi.
O‘zbekistonning xalqaro imiji faqat rasmiy diplomatiya orqali shakllanmaydi. Xorijda muvaffaqiyatli ishlayotgan har bir o‘zbekistonlik tadbirkor, olim, mutaxassis, sportchi yoki ijodkor o‘z xatti-harakati bilan mamlakat haqidagi tasavvurga ta’sir qiladi.
Keyingi manzil: Washington, D.C.
Business Diplomat tarixining navbatdagi bosqichi 2026-yil oktabr oyida AQSH poytaxti Washington, D.C.da yozilishi kutilmoqda.
Business Diplomat o‘zining ilk World Business Diplomacy Summit 2026 xalqaro sammitini o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra, Capitol Hillda o‘tishi ko‘zda tutilgan inaugural sammit dunyoning turli nuqtalaridan intellektual yetakchilar, tadbirkorlar, diplomatlar, olimlar, investorlar va strategik fikrlovchilarni bir maydonga jamlaydi.
Muloqot markazida biznes diplomatiyasining kelajagi, yangi iqtisodiy koridorlar, insoniy infratuzilma va davlatlar o‘rtasidagi institutsional aloqalar turishi rejalashtirilgan.
Sammitda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yangi iqtisodiy imkoniyatlari ham xalqaro auditoriyaga olib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda o‘ziga xos ramziylik bor.
Bir vaqtlar Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida jahon diplomatiyasini ichkaridan kuzatgan o‘zbekistonlik tadbirkor endi Washington, D.C.da biznes va diplomatiya vakillarini birlashtiradigan xalqaro maydon yaratmoqda.
Va u qayerda xalqaro maydon yaratsa, o‘sha maydonda O‘zbekiston uchun ham joy bo‘lishi kerak, degan tamoyilga amal qiladi. E’tirofni kutmasdan Bu hikoyaning eng shaxsiy qismi esa boshqa tamoyilga borib taqaladi: Vatan uchun biror ish qilish uchun avval Vatan seni e’tirof etishini kutish shart emas.
Shakirovning fikricha, har bir fuqaro qayerda yashashidan va qanday lavozimda ishlashidan qat’i nazar, o‘z mamlakati uchun qo‘lidan kelgan ishni qilishi mumkin.
Kimdir investor olib keladi. Kimdir o‘zbek mahsulotiga yangi bozor topadi. Kimdir universitetlar o‘rtasida aloqa o‘rnatadi. Kimdir yangi bilim yoki texnologiya olib keladi. Kimdir xorijdagi bir insonning O‘zbekiston haqidagi tasavvurini o‘zgartiradi. Buning uchun medal kutish shart emas. Lavozim kutish shart emas. Topshiriq kutish ham shart emas.
Global fuqaro bo‘lish ham Vataningdan uzoqlashish degani emas. Ba’zan dunyoda qanchalik uzoqqa borsang, Vataning uchun shunchalik ko‘p eshiklarni ochish imkoniyatiga ega bo‘lasan.
Bugun dunyoning turli nuqtalarida bilim, kapital, obro‘ va xalqaro aloqalar to‘plagan minglab o‘zbekistonliklar bor.
Agar ularning har biri o‘z imkoniyatining hech bo‘lmaganda bir qismini O‘zbekiston bilan bog‘lasa, mamlakatning iqtisodiy va insoniy tarmog‘i uning geografik chegaralaridan ancha katta bo‘lishi mumkin.
Oxir-oqibat, natija hal qiladi
Albatta, nufuzli nashrlar, katta g‘oyalar va xalqaro uchrashuvlarning o‘zi yetarli emas. Business Diplomatning haqiqiy qiymati natijalar bilan o‘lchanadi. Uchrashuv hamkorlikka aylandimi? Hamkorlik loyihaga aylandimi? Investor keldimi? O‘zbekiston mahsuloti yangi bozorga chiqdimi? Yangi qo‘shma korxona yoki uzoq muddatli iqtisodiy aloqa paydo bo‘ldimi? Haqiqiy baho shu yerda boshlanadi.
Shuning uchun Business Diplomat oldidagi vazifa shunchaki ko‘proq delegatsiya yoki tadbir tashkil qilish emas. Vazifa xalqaro ishonchni iqtisodiy natijaga aylantirish. Va bundan ham kattaroq g‘oya bor.
Dunyoga chiqqan o‘zbekistonliklar uchun yangi formula: Dunyodan bilim ol. Dunyoda ishonch qozon. Dunyoda biznes qil. Dunyo bilan aloqa qur. Ammo orttirgan imkoniyatlaringning bir qismini Vataning bilan bog‘la.
Mirshod Shakirov va Business Diplomat hikoyasining mohiyati ham aynan shunda. Bu O‘zbekistonda tug‘ilgan g‘oyaning dunyoga chiqishi emas.
Bu O‘zbekistonda tug‘ilgan insonning dunyoga chiqishi, tadbirkorga va global fuqaroga aylanishi, xalqaro tajriba, obro‘ va aloqalar orttirishi va ularni O‘zbekiston bilan bog‘lashi haqidagi hikoya.
Agar Business Diplomat xalqaro ishonchni real iqtisodiy natijalarga aylantirishda davom etsa, u shunchaki yangi atama bo‘lib qolmaydi.
U dunyoga ochilayotgan yangi avlod o‘zbekistonlik tadbirkorning xalqaro maydondagi roliga berilgan yangi ta’rifga aylanishi mumkin.
Комментарии